Saytga qaytish

Hisob va xavfsizlik

Username qoidalari

Ro'yxatdan o'tishda username avtomatik tekshiriladi:

  • Uzunlik: 5–30 belgi;
  • Faqat kichik lotin harflari, raqamlar va _. - belgilari (boshidagi @ olib tashlanadi);
  • Quyidagi tizim nomlari va ularning hosilalari taqiqlangan: admin, administrator, owner, skillnest, root, support, moderator, system, staff, official, security, help, team, api, bot, service, manager, developer, founder, ceo va boshqalar;
  • Band username ikkinchi marta olinmaydi.

Misol: @Admin_uz taqiqlangan (admin bilan boshlangani uchun), ali_2026 mumkin.

Parol siyosati

  • Minimum uzunlik — 8 belgi, barcha kirish nuqtalarida bir xil tekshiriladi;
  • Parollar ochiq saqlanmaydi — faqat bcrypt xeshi bazada turadi, asl parolni hatto administrator ham ko'ra olmaydi;
  • Google yoki Telegram orqali kirgan hisoblarda parol bo'lmaydi. Bunday hisobga parol o'rnatmoqchi bo'lsangiz: Profil → Bog'langan hisoblar bo'limida email ulang — parol maydoni avtomatik taklif etiladi. Shundan keyin username+parol orqali ham kirish mumkin.

Sessiyalar va qurilmalar

  • Kirish sessiyasi (JWT token) 30 kun amal qiladi; brauzerda "Eslab qolish" o'chiq bo'lsa — 1 kun;
  • Har bir hisobda eng yangi 10 ta sessiya saqlanadi — 11-chi kirishda eng eskisi o'chadi;
  • 90 kundan eski sessiyalar avtomatik tozalanadi;
  • Har bir kirish qurilma (telefon/kompyuter, brauzer, IP) bilan qayd etiladi;
  • Faol qurilmalar ro'yxatini ko'rish va notanishlarini yopish mumkin (profil va ta'lim botining Qurilmalar bo'limi).

Sessiya cookie'da HttpOnly rejimda saqlanadi — uni JavaScript o'qiy olmaydi, bu XSS hujumlaridan himoya qiladi.

Emailni ulash va o'zgartirish

Profil → Bog'langan hisoblar bo'limida ikki bosqichli jarayon:

1-bosqich — kod yuborish:

  • Yangi email manzilni kiriting va Yuborish ni bosing;
  • Tizim manzil band emasligini tekshiradi (o'zingizniki yoki begonaniki bo'lmasligi kerak);
  • 6 xonali kod shu manzilga yuboriladi;
  • Qayta yuborish — 1 daqiqadan keyin mumkin.

2-bosqich — tasdiqlash:

  • Kodni kiriting (15 daqiqa amal qiladi) va Tasdiqlash ni bosing;
  • Email yangilanadi, eski kodlar bekor qilinadi.

Muhim: kod faqat yangi manzilga keladi — demak, uni kiritgan odam manzil egasi. Shu sababli email o'zgartirish qo'shimcha tasdiqsiz xavfsiz. Agar hisobingizda parol bo'lmasa, shu yerda o'rnatish taklif etiladi.

Telegramni ulash va uzish

Ulash:

  1. Bog'langan hisoblar bo'limida Telegramni ulash ni bosing;
  2. Bot ochiladi — Start ni bosing;
  3. Hisoblar avtomatik bog'lanadi, qo'shimcha kod shart emas.

Uzish (hisobdan ajratish) faqat ikki shart bajarilganda mumkin:

  1. Real (texnik bo'lmagan) email ulangan bo'lishi;
  2. Real parol o'rnatilgan bo'lishi.

Bu cheklov tasodifiy emas: Telegramsiz, emailsiz va parolsiz qolsangiz — hisobingizga umuman kira olmaysiz. Shuning uchun tizim avval zaxira kirish yo'lini talab qiladi.

Ko'rinmas (texnik) manzillar

Telegram orqali ochilgan hisoblarda ...@skillnest.uz ko'rinishidagi texnik email yaratiladi. Ular:

  • Profil va ommaviy sahifalarda ko'rsatilmaydi;
  • Begona foydalanuvchilar ularni ko'ra olmaydi;
  • Faqat tizim ichida identifikator sifatida ishlatiladi.

Haqiqiy email ulangan zahoti texnik manzil o'rnini u egallaydi.

SkillNest Docs